Nizom

“Raqamli huquq va innovatsiya” ilmiy elektron jurnali tahririyati to‘g‘risida

NIZOM

I. UMUMIY QOIDALAR

1.1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonuni, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar hamda xalqaro nashriyot etikasi (COPE – Committee on Publication Ethics) standartlariga muvofiq ishlab chiqilgan.

1.2. “Journal of Digital Law and Innovation” (“Raqamli huquq va innovatsiya jurnali”) ilmiy elektron jurnali tahririyati (keyingi o‘rinlarda – “Tahririyat”) ommaviy axborot vositasi — “Journal of Digital Law and Innovation” ilmiy elektron jurnalini (keyingi o‘rinlarda – “Jurnal”) tayyorlash va nashr etish bilan shug‘ullanadi.

1.3. Jurnal raqamli iqtisodiyotni huquqiy tartibga solish, axborot texnologiyalari huquqi, intellektual mulk, sun’iy intellekt va innovatsion texnologiyalar sohasiga ixtisoslashgan hamda ommaviy axborot vositasi maqomiga ega bo‘lgan davriy elektron ilmiy nashr hisoblanadi.

1.4. Jurnalning rasmiy nomi:

  • O‘zbek tilida: “Raqamli huquq va innovatsiya”;

  • Ingliz tilida: “Digital Law and Innovation”;

  • Rus tilida: “Цифровое право и инновации”.

1.5. Jurnal kelib tushgan maqolalarga qarab o‘zbek, ingliz va rus tillarida nashr etiladi.

1.6. Jurnalning maqsadi — raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt va innovatsion texnologiyalarni huquqiy tartibga solishning nazariy va amaliy muammolarini chuqur tahlil qilish, raqamli makonda inson huquqlari va intellektual mulkni himoya qilishni ta’minlash hamda O‘zbekiston huquq tizimi va xalqaro huquqni raqamli transformatsiya davriga moslashtirish uchun professional ilmiy-amaliy maydon (platforma) taqdim etishdan iborat.

1.7. Jurnalning vazifalari:

  • 1.7.1. Sun’iy intellekt (AI), blokcheyn, smart-kontraktlar, kripto-aktivlar va Big Data (Yirik ma’lumotlar) kabi texnologiyalarning huquqiy maqomini belgilash bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlarni nashr etish;

  • 1.7.2. Raqamli iqtisodiyot, elektron tijorat va kiberxavfsizlik sohasidagi milliy qonunchilikdagi bo‘shliqlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;

  • 1.7.3. Raqamli huquq sohasidagi ilg‘or xalqaro standartlar (GDPR va boshqalar) hamda xorijiy mamlakatlar tajribasini qiyosiy tahlil qilish va ularni O‘zbekiston amaliyotiga tatbiq etish;

  • 1.7.4. LegalTech, FinTech va RegTech sohalaridagi innovatsiyalarni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda startap ekotizimi uchun zarur bo‘lgan huquqiy asoslarni yoritish;

  • 1.7.5. Jamiyatda raqamli savodxonlik va raqamli huquqiy madaniyatni yuksaltirish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha xabardorlikni oshirish.

1.8. “Journal of Digital Law and Innovation” ilmiy elektron jurnali o‘zbek, ingliz va rus tillarida ikki oyda bir marta (yiliga 6 marta) nashr etiladi, shuningdek, Tahririyat qaroriga ko‘ra maxsus sonlari ham chiqarilishi mumkin. Jurnalning bir sonida 50 bosma taboqqacha bo‘lgan hajmdagi maqolalar e’lon qilinadi.

1.9. Jurnal “UNILEX GLOBAL” Mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli bo‘lib, shu sababli “UNILEX GLOBAL” MChJ (keyingi o‘rinlarda – “Muassis”) jurnalning muassisi va noshiri hisoblanadi.

1.10. Jurnalga nom berish huquqi Muassisga tegishli. Jurnal logotipi Muassis tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.

1.11. Tahririyat yuridik shaxs yoki mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyekt hisoblanmaydi. Tahririyat o‘z xo‘jalik faoliyatini Muassisning tarkibiy bo‘linmasi sifatida olib boradi.

1.12. Tahririyat jurnalni tayyorlash va nashr etish bo‘yicha o‘z faoliyatini kasbiy mustaqillik asosida amalga oshiradi.

1.13. Tahririyatni boshqarish ushbu Nizom va Muassisning boshqa hujjatlari asosida, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.

1.14. Tahririyat faoliyati Muassis tomonidan ushbu Nizomda va Muassisning boshqa hujjatlarida belgilangan tartibda, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq moliyalashtiriladi.

1.15. Tahririyat joylashgan yer (pochta manzili): Toshkent shahri, Sergeli tumani, “Eshonbuloq” MFY, Muqanna ko‘chasi, 11-b uy.

1.16. “Journal of Digital Law and Innovation” ilmiy elektron jurnali zamonaviy texnologiyalar va huquq chorrahasidagi barcha dolzarb masalalarni qamrab oladi. Asosiy e’tibor an’anaviy huquq sohalarining raqamli transformatsiyasiga va mutlaqo yangi raqamli munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan bo‘lib, u quyidagilardan iborat:

  • 1.16.1. Sun’iy intellekt va robototexnika huquqi (AI & Robotics Law): Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan obyektlarga mualliflik huquqi; SI qarorlari uchun huquqiy javobgarlik (masalan, haydovchisiz avtomobillar avariyalari); algoritmik adolat va kamsitmaslik; robotlar va avtonom tizimlarning huquqiy maqomi.

  • 1.16.2. Kiberxavfsizlik va ma’lumotlar daxlsizligi (Cybersecurity and Data Privacy): Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish (GDPR va milliy standartlar); kiberjinoyatchilikka qarshi kurash va raqamli dalillarni yig‘ish; axborot xavfsizligi va raqamli suverenitet; bulutli texnologiyalar va transchegaraviy ma’lumotlar almashinuvi.

  • 1.16.3. Raqamli iqtisodiyot va FinTech: Kripto-aktivlar, raqamli valyutalar va tokenlarni tartibga solish; blokcheyn texnologiyasi va uning huquqiy jihatlari; smart-kontraktlar va ularning huquqiy kuchi; elektron tijorat, marketpleyslar va raqamli xizmatlarni soliqqa tortish; bank tizimini raqamlashtirish va Neobanklar faoliyati.

  • 1.16.4. Intellektual mulk va raqamli media (IP in Digital Age): Internetda mualliflik huquqini himoya qilish va raqamli qaroqchilik; domen nomlari va tovar belgilari o‘rtasidagi nizolar; NFT (Non-Fungible Token) va virtual mulk huquqlari; ijtimoiy tarmoqlar, kontent moderatsiyasi va so‘z erkinligi.

  • 1.16.5. LegalTech va odil sudlov tizimini raqamlashtirish (E-Justice): Sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida raqamli texnologiyalar; nizolarni onlayn hal qilish (ODR); yuridik xizmatlar bozorini avtomatlashtirish (hujjat konstruktorlari, chatbotlar); notariat va davlat xizmatlarini raqamlashtirish (Elektron hukumat).

  • 1.16.6. Innovatsiyalarni boshqarish va startap huquqi (Innovation Management and Startup Law): Startaplarning huquqiy ekotizimi va venchurli moliyalashtirish; “Tartibga solish qumloqlari” (Regulatory Sandboxes) va eksperimental huquqiy rejimlar; innovatsion faoliyatni rag‘batlantirish va intellektual mulkni tijoratlashtirish.

II. MUASSIS VA TAHRIRIYATNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

2.1. MUASSIS QUYIDAGI HUQUQLARGA EGA:

  • 2.1.1. Ushbu Nizomda, Muassis va tahririyat o‘rtasidagi shartnomada hamda O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida tahririyatni boshqarishda ishtirok etish;

  • 2.1.2. Foydani taqsimlash va zararlarni qoplashda ishtirok etish, tahririyat faoliyati tugatilgan taqdirda esa, qonunda belgilangan tartibda kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan keyin qolgan mol-mulkni yoki uning qiymatini olish;

  • 2.1.3. Tahririyatni mulkiy majmua sifatida Muassisning yoki ko‘rsatilgan uchinchi shaxsning manfaatlarini ko‘zlab boshqarishi shart bo‘lgan boshqa shaxsga (ishonchli boshqaruvchiga) ishonchli boshqaruvga topshirish;

  • 2.1.4. Bosh muharrirni va tahririyat kengashi a’zolarini tayinlash va lavozimidan ozod etish;

  • 2.1.5. Jurnalning navbatdagi sonida o‘z nomidan hajmi bir bosma sahifadan oshmaydigan xabar yoki materiallarni bepul nashr etish.

2.2. MUASSISNING MAJBURIYATLARI:

  • 2.2.1. Jurnal Tahririyati to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash;

  • 2.2.2. Bosh muharrirni tayinlash;

  • 2.2.3. Tahririyat faoliyati uchun zarur moddiy-texnika bazasini (veb-sayt, server, orgtexnika) ta’minlash;

  • 2.2.4. Jurnalni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ISSN raqamini olishda ko‘maklashish;

  • 2.2.5. Agar qonunchilikda belgilanganidek, ustav fondidagi xorijiy investitsiya ulushi 30% dan oshsa, vakolatli davlat organini xabardor qilish;

  • 2.2.6. “UNILEX GLOBAL” MChJ ustav fondiga xorijiy investitsiyalar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

  • 2.2.7. Tahririyatga jamoatchilik fikrini o‘rganish, jurnalni reklama qilish va ommaviy tadbirlarni tashkil etishda ko‘maklashish;

  • 2.2.8. Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni ta’minlash;

  • 2.2.9. Muassis tahririyatning ijodiy faoliyatiga tsenzuradan o‘tkazish, taqriz qilish yoki aralashish huquqiga ega emas;

  • 2.2.10. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lish va boshqa majburiyatlarni o‘z zimmasiga olish;

  • 2.2.11. Muassisning huquq va majburiyatlari u bankrot bo‘lgan yoki tugatilgan taqdirda bekor bo‘ladi.

2.3. TAHRIRIYAT QUYIDAGI HUQUQLARGA EGA:

  • 2.3.1. Muassis tomonidan tasdiqlangan ish rejalari asosida o‘z ishini mustaqil ravishda rejalashtirish va amalga oshirish;

  • 2.3.2. Jurnalga taqdim etilgan materiallarni ko‘rib chiqish, tahrir qilish, qabul qilish yoki rad etish (Taqriz qilish – Peer Review asosida);

  • 2.3.3. Ommaviy axborot vositalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlariga rioya qilgan holda maqola va materiallarni yig‘ish hamda nashr etish;

  • 2.3.4. Jurnalning dizayni, ruknlari va mazmunini mustaqil ravishda belgilash;

  • 2.3.5. Davlat organlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va tashkilotlardan ma’lumotlar so‘rash;

  • 2.3.6. Muassis tomonidan taqdim etilgan texnik va ishlab chiqarish salohiyatidan foydalanish;

  • 2.3.7. Xalqaro ekspertlar va olimlarni Tahririyat a’zoligiga yoki taqrizchi sifatida taklif etish;

  • 2.3.8. Jurnal nomidan ilmiy konferensiya va seminarlar tashkil etish hamda ularda ishtirok etish.

2.4. TAHRIRIYATNING MAJBURIYATLARI:

  • 2.4.1. Faoliyatni ushbu Nizom va “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonun doirasida olib borish;

  • 2.4.2. Nashr etilayotgan mahsulotlar va axborot materiallarining yuqori sifatini ta’minlash;

  • 2.4.3. Maqolalarning ilmiy saviyasini ta’minlash va ko‘chirmachilikka (Plagiatga qarshi – Anti-Plagiarism) tekshirish;

  • 2.4.4. Mualliflik huquqlarini hurmat qilish;

  • 2.4.5. Nashr iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini hurmat qilish;

  • 2.4.6. Jurnalning o‘z vaqtida va sifatli nashr etilishini (veb-saytga joylashtirilishini) ta’minlash;

  • 2.4.7. Jurnal veb-saytining doimiy ishlashini va axborot xavfsizligini ta’minlash.

2.5. BOSH MUHARRIR QUYIDAGI HUQUQLARGA EGA:

  • 2.5.1. Muassis bilan munosabatlarda tahririyat nomidan ish yuritish;

  • 2.5.2. Jurnalning har bir sonini nashr etishga ruxsat berish va imzolash. Jurnal faqat Bosh muharrir ruxsat berganidan keyin nashr etiladi;

  • 2.5.3. Tahririyat hay’ati a’zolarini shakllantirish va ularni tasdiqlash uchun Muassisga taqdim etish;

  • 2.5.4. Davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va mualliflar bilan munosabatlarda tahririyat vakili sifatida ishtirok etish.

2.6. BOSH MUHARRIRNING MAJBURIYATLARI:

  • 2.6.1. Tahririyat ishiga rahbarlik qilish;

  • 2.6.2. Jurnalning asl maketini tayyorlash bilan bog‘liq tashkiliy va boshqaruv ishlarini amalga oshirish;

  • 2.6.3. Jurnaldan konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirish, hududiy yaxlitlikni buzishga chaqirish, urush, zo‘ravonlik, shafqatsizlikni targ‘ib qilish yoki davlat sirlarini oshkor qilish uchun foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslik.

III. TAHRIRIYATNI MOLIYALASHTIRISH MANBALARI

3.1. Tahririyat faoliyati Muassisning o‘z mablag‘lari, maqola chop etayotgan shaxslarning a’zolik badallari hamda maqola nashr etish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlardan tushgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.

3.2. Tahririyat foydalanadigan mol-mulk Muassis mol-mulkining bir qismi hisoblanadi.

3.3. Jurnalni tayyorlash va chiqarish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar Bosh muharrirning taklifiga binoan Muassis tomonidan ajratiladi.

3.4. Reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatish tartibi Muassisning hujjatlari bilan belgilanadi.

3.5. Tahririyat faoliyatidan, shu jumladan reklamadan olingan foyda Muassisning mulki hisoblanadi va xarajatlarni qoplash, majburiy soliqlarni to‘lash, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish hamda qonunchilikka muvofiq boshqa maqsadlar uchun sarflanadi.

IV. BOSHQARUV ORGANLARINI SHAKLLANTIRISH TARTIBI

4.1. Tahririyat Muassis va Bosh muharrir tomonidan o‘z vakolatlari doirasida boshqariladi.

4.2. Muassis quyidagi masalalarni hal qiladi:

  • 4.2.1. Tahririyat faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash;

  • 4.2.2. Bosh muharrirni tasdiqlash va lavozimidan ozod qilish;

  • 4.2.3. Mablag‘lar va mol-mulkdan foydalanish to‘g‘risidagi yillik hisobotlarni tasdiqlash;

  • 4.2.4. Tahririyat xodimlarini ishga qabul qilish va bo‘shatish;

  • 4.2.5. Tahririyat va Ekspertlar kengashlarini tashkil etish yoki tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilish;

  • 4.2.6. Moliyaviy va moddiy resurslarni taqsimlash hamda xarajatlar smetasini tasdiqlash.

4.3. Boshqa vakolatlar ushbu Nizom va Muassis Nizomiga muvofiq amalga oshiriladi.

4.4. Bosh muharrir Tahririyatning joriy faoliyatini boshqaradi.

4.5. Bosh muharrir ushbu Nizomga, Muassis bilan tuzilgan Shartnomaga va O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga tayanadi.

4.6. Bosh muharrir ommaviy axborot vositalari faoliyati uchun qonun hujjatlarida belgilangan talablarning bajarilishi uchun javobgardir.

4.7. Bosh muharrir tahririyatni yakkaboshchilik tamoyili asosida boshqaradi.

4.8. Bosh muharrir:

  • 4.8.1. Muassis bilan munosabatlarda tahririyat manfaatlarini ko‘zlab ish tutadi;

  • 4.8.2. Tahririyat hay’ati ishini tashkil qiladi va shtat jadvalini shakllantiradi;

  • 4.8.3. Xodimlar uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi;

  • 4.8.4. Xodimlar o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;

  • 4.8.5. Tahririyat bo‘limlarining funksiyalarini belgiladi;

  • 4.8.6. Jurnalistlar va mualliflarni tanlaydi;

  • 4.8.7. Jurnal ruknlarini tashkil etadi va tugatadi;

  • 4.8.8. Har bir sonni nashrga chiqarish uchun imzolaydi;

  • 4.8.9. O‘z vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni hal qiladi;

  • 4.8.10. Shtat xodimlari va Tahririyat kengashi nomzodlarini tasdiqlash uchun Muassisga taqdim etadi.

V. FOYDANI TAQSIMLASH VA ZARARLARNI QOPLASH

5.1. Soliqlar to‘langanidan keyin qolgan foyda Muassisning mulki hisoblanadi.

5.2. Ko‘rilgan zararlar Muassisning zaxira fondlari hisobidan qoplanadi.

VI. TAHRIRIYAT XODIMLARINING VAKOLATLARI

6.1. Tahririyat xodimlari — mehnat shartnomasi asosida jurnal uchun materiallarni tahrir qilish, yaratish yoki yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi shaxslardir.

6.2. Xodimlar umumiy yig‘ilishlar orqali rejalarni ishlab chiqishda ishtirok etadilar va jurnal sifatini oshirish bo‘yicha takliflar kiritadilar.

VII. NASHR ETISHNI TO‘XTATIB TURISH YOKI TUGATISH ASOSLARI VA TARTIBI

7.1. Jurnal nashr etilishi Muassis qaroriga binoan yoki sud tartibida tugatilishi yoki to‘xtatib turilishi mumkin.

7.2. Muassis tahririyat qonun hujjatlarini yoki etika normalarini buzganda, nashr etish zarar keltira boshlaganda yoki moliyalashtirish imkoni bo‘lmaganda nashrni to‘xtatib turishi mumkin.

7.3. Sud tartibida nashrni tugatish ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari tizimli ravishda buzilganda, sudning nashrni to‘xtatib turish haqidagi avvalgi qarorlari bajarilmaganda yoki jurnal olti oydan ortiq vaqt davomida nashr etilmaganda amalga oshirilishi mumkin.

7.4. Muassis nashrni to‘xtatib turish yoki tugatish to‘g‘risidagi qarorlarni tahririyat rahbariyati bilan maslahatlashgandan so‘ng qabul qiladi.

VIII. TAHRIRIYATNI QAYTA TASHKIL ETISH VA TUGATISH

8.1. Qayta tashkil etish yoki tugatish Muassis qaroriga ko‘ra yoki sud buyrug‘iga binoan amalga oshiriladi.

IX. MUASSISLARNING YOKI TARKIBNING O‘ZGARISHI

9.1. Muassis o‘zgargan taqdirda, jurnal qayta ro‘yxatdan o‘tganidan keyin o‘z faoliyatini davom ettiradi.

9.2. Muassis qayta tashkil etilganda, huquq va majburiyatlar huquqiy vorisga o‘tadi.

X. NIZOMNI QABUL QILISH VA UNGA O‘ZGARTIRISHLAR KIRITISH TARTIBI

10.1. Nizom Muassis tomonidan tasdiqlanadi.

10.2. O‘zgartirish va qo‘shimchalar Muassis tashabbusi bilan yoki tahririyatning taklifiga binoan Muassis tomonidan kiritiladi.

10.3. Nizomning yangi tahrirlari Muassis tomonidan tasdiqlangan paytdan boshlab kuchga kiradi.

Bosh muharrir: H. To‘xtashev

“Journal of Digital Law and Innovation” ilmiy elektron jurnali Tahririyati muassisi – “UNILEX GLOBAL” MChJ Direktori tomonidan tasdiqlangan:

H.I. To‘xtashev