Nizom

"Ekologiya va yer huquqi / Environmental and Land Law" ilmiy elektron jurnali tahririyati to‘g‘risida

NIZOM

I. UMUMIY QOIDALAR

1.1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonuni, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar hamda xalqaro nashriyot etikasi standartlari (COPE – Committee on Publication Ethics) asosida ishlab chiqilgan.

1.2. “Ekologiya va yer huquqi / Environmental and Land Law” ilmiy elektron jurnali tahririyati (keyingi o‘rinlarda – Tahririyat) ommaviy axborot vositasi hisoblangan “Ekologiya va yer huquqi / Environmental and Land Law” ilmiy elektron jurnalini (keyingi o‘rinlarda – Jurnal) tayyorlash va nashr etish faoliyatini amalga oshiradi.

1.3. Jurnal yer munosabatlari, ekologiya huquqi, tabiiy resurslar huquqi, iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ushbu sohalardagi innovatsion yondashuvlarning huquqiy tartibga solinishiga ixtisoslashgan davriy ilmiy elektron nashr bo‘lib, ommaviy axborot vositasi maqomiga ega.

1.4. Jurnalning rasmiy nomi:

  • O‘zbek tilida – “Ekologiya va yer huquqi”;

  • Ingliz tilida – “Environmental and Land Law”;

  • Rus tilida – “Экологическое и земельное право”.

1.5. Jurnal o‘zbek, ingliz va rus tillarida (maqolalar taqdim etilishiga qarab) nashr etiladi.

1.6. Jurnalning maqsadi barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, atrof-muhitni muhofaza qilish va yer resurslaridan oqilona foydalanishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, shuningdek global ekologik muammolar (iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish va boshqalar) hamda yer munosabatlarini tartibga solish bo‘yicha ilmiy-nazariy va amaliy yechimlarni ishlab chiqishga xizmat qiluvchi professional platformani shakllantirishdan iborat.

1.7. Jurnalning vazifalari:

1.7.1. Yerga egalik huquqi, yer fondini boshqarish va kadastr tizimini takomillashtirish bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlarni yoritish;

1.7.2. Iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikni saqlash, suv resurslarini boshqarish va “yashil” energetika sohalaridagi huquqiy masalalarni tadqiq etish;

1.7.3. O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi va ekologiya qonunchiligidagi bo‘shliqlarni aniqlash hamda ularni xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha ilmiy takliflar ishlab chiqish;

1.7.4. Atrof-muhitni muhofaza qilish va yer munosabatlari sohasida xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasi hamda xalqaro konvensiyalar (jumladan Parij kelishuvi) normalarining milliy qonunchilikka implementatsiyasini o‘rganish;

1.7.5. Yer resurslarini boshqarishda raqamli texnologiyalar (GIS, E-Yer, E-Kadastr) hamda ekologik monitoringdagi innovatsion usullarning huquqiy jihatlarini tahlil qilish.

1.8. Jurnal har ikki oyda bir marta (yiliga 6 marta) o‘zbek, ingliz va rus tillarida nashr etiladi. Zaruratga ko‘ra Tahririyat qarori bilan maxsus sonlar ham chop etilishi mumkin.

1.9. Jurnal “UNILEX GLOBAL” mas’uliyati cheklangan jamiyatining nashri hisoblanadi. Shu munosabat bilan “UNILEX GLOBAL” MChJ (keyingi o‘rinlarda – Muassis) jurnalning muassisi va nashriyotchisi hisoblanadi.

1.10. Jurnal nomiga bo‘lgan huquq Muassisga tegishli. Jurnal logotipi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Muassis tomonidan tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.

1.11. Tahririyat yuridik shaxs yoki mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyekt hisoblanmaydi. Tahririyat o‘z faoliyatini Muassisning tarkibiy bo‘linmasi sifatida amalga oshiradi.

1.12. Tahririyat jurnalni tayyorlash va nashr etish faoliyatini kasbiy mustaqillik asosida amalga oshiradi.

1.13. Tahririyat faoliyatiga ushbu Nizom, Muassisning boshqa hujjatlari hamda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi asosida rahbarlik qilinadi.

1.14. Tahririyat faoliyati Muassis tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq moliyalashtiriladi.

1.15. Tahririyatning joylashgan manzili (pochta manzili): Toshkent shahri, Sergeli tumani, Eshonbuloq MFY, Muqanna ko‘chasi, 11B-uy.